Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

O‘zbekiston va Gruziya sportchilarining hamkorlik aloqalarin yanada mustahkamlanadi

Ma’lumki, Gruziya davlati bilan mamlakatimiz o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ayniqsa, sport sohasidagi munosabatlarimiz uzoq tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda ham jadal rivojlanmoqda.

O‘tgan yillar davomida yurtimiz sportchilari Gruziyada o‘tkazilgan bir qator nufuzli musobaqalarda munosib natijalarga erishgan bo‘lsa, bir qator sport turlari bo‘yicha terma jamoalarimiz ushbu mamlakatdagi sport bazalarda xalqaro o‘quv mashg‘ulotlarni o‘tkazib keladi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligida Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Muvaqqat ishlar vakili Georgiy Chxeidze bilan uchrashuvda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari xususida so‘z bordi.

Muloqot chog‘ida Gruziya va O‘zbekiston sport jamoalari o‘rtasida qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish, sport sohasining barcha yo‘nalishlarida tajriba almashish, mamlakatimiz terma jamoalarining Gruziyadagi sport bazalarda shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, o‘z navbatida Gruzin sportchilarining yurtimiz sport bazalaridan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari – O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlikda Gruziya va O‘zbekiston sport jamoalarining hamkorligini yanada rivojlantirish, tajriba almashish muhim ekanligini bildirib, joriy yilning yoz oyida dzyudo va og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoalarining Gruziyada o‘tkazgan o‘quv-mashg‘ulotlari samarali bo‘lganligini, unda gruziyalik sportchilar, mutaxassislar qatnashganligini e’tirof etdi.
O‘z navbatida Gruziyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Muvaqqat ishlar vakili Georgiy Chxeidze Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalishiga beqiyos hissa qo‘shayotganligini e’tirof etib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning yanada ravnaq topishida jismoniy tarbiya va sportning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi.
Har ikki davlat terma jamoalari, alohida sportchilari qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazilishidan, sport ta’limi, sport medisinasi kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirishdan Gruziya tomoni ham manfaatdor ekanligini bildirdi.

Oldinga U20 O‘zbekiston kubogining 5-kungi g’oliblari bilan tanishing

Leave Your Comment