Vatanni ulug‘lash, xalqimiz salohiyatini, kuch-qudratini, uning ruhiy quvvatini xalqaro maydonlarda namoyish etishda sportchilarning o‘rni beqiyos.
Bugun faxr bilan e’tirof etmoq lozimki, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish borasida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida o‘tgan yillar davomida yoshlarimiz orasidan jahon sportining oltin sahifalariga o‘z nomini to abadga muhrlashga muvaffaq bo‘lgan o‘nlab olovqalb sportchilarimiz yetishib chiqdi.
Ular orasida og‘ir atletika bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon chempioni, besh karra qit’a chempionligiga erishgan Ruslan Nurudinovning o‘z o‘rni bor.
Ruslan bugungi kunda jahon og‘ir atletikasining eng kuchli sportchilaridan biri sifatida tan olinadi.
Ma’lumot uchun: Ruslan Nurudinov 1991 yili Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilgan. Og‘ir atletika bilan shug‘ullanishni Xonobodda boshlagan. Toshkentdagi Respublika Olimpiya zaxiralari kollejida tahsil olgan. 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, ikki karra jahon chempioni. Bir necha bor Osiyo o‘yinlarida, qit’a chempionatlarida, O‘nlab xalqaro turnirlarda g‘oliblik shoxsupasiga ko‘tarilgan.
Xalqaro maydondagi ilk g‘alabasini 2009 yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qo‘lga kiritgan Ruslan 2011 yili Fransiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida kumush, 2012 yili Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga musharraf bo‘lgan. London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy olgan Nurudinov 2013 yili Osiyo chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritgan. Jahon Universiadasida ikki marta rekord o‘rnatgan.
Davlatimiz tomonidan “El-yurt hurmati” hamda “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.
Iste’dodli sportchimiz bilan o‘tkazgan suhbatimiz davomida sportga kirib kelishi, ilk murabbiyi, Respublika olimpiya zaxiralari kollejida o‘qish jarayonlari, dastlabki mashg‘ulotlari, terma jamoadagi faoliyati, rasmiy musobaqalarda erishgan natijalari, kelgusi rejalari xususida kechdi.
Quyida ushbu suhbatni tomosha qilishingiz mumkin: