Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

Eronlik mutaxassis O’zbekiston og’ir atletika terma jamoasidagi so’nggi mashg’ulotini o’tkazdi

Yakunlanib borayotgan 2023-yil davomida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida murabbiy maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan Said Aziz Alihusayni bugun terma jamoadagi so’nggi mashg’ulotini o’tkazdi.

Bugungi mashg’ulotga tashrif buyurgan Yoshlar siyosati va sport vaziri o’rinbosari, O’zbekiston og’ir atletika federatsiyasi raisi Shaxrillo Mahmudov eronlik mutaxassisning murabbiylik mahorati, bilimi va sportdagi tajribasini yana bir bor e’tirof etgan holda o’zaro samarali faoliyat va hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi hamda uning kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi.

Ta’kidlash kerakki, Said Aziz Alihusayni ushbu qisqa muddatli mehnat faoliyati davomida o’z tajribalarini ishga solgan holda turli xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etgan O‘zbekiston og‘ir atletikachilarini tayyorlash va nazorat qilishda salmoqli yutuqlarga erishib, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga litsenziyasi uchun muhim reyting ochkolari qo’lga kiritilishiga hissa qo‘shdi.

O‘zbekiston terma jamoasi uning qo’l ostida 3-13 may kunlari Janubiy Koreyaning Jinju shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2 oltin, 4 kumush va 5 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 4-17-sentyabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan kattalar o’rtasidagi jahon chempionatida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medaliga sazovor bo’lishiga munosib hissa qo’shdi.

Bundan tashqari, uning murabbiylik mahorati jamoani Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarida 2 ta kumush va 2 bronza medalini qo‘lga kiritishida katta ko’mak berdi. Ushbu musobaqalar davomida Said Aziz Alihusaynining haqiqiy professional df fidoyi ekanini ko’rsatdi.

Afsuski, O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasining shartnomani uzaytirish taklifiga qaramay, Said Aziz Alihusayni shaxsiy sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini davom ettirmaslikka qaror qildi. Shunday bo’lsada federatsiya uning sportchilarga bergan beqiyos xizmati, ajoyib maslahatlari, fikr-mulohazalari va qo’llab-quvvatlashini qadrlaydi.

O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi Said Aziz Alihusayni murabbiylik faoliyatini davom ettirishga qaror qilganda, uning uchun federatsiya eshiklari har doim ochiqligini bildiradi.

Oldinga “Milliy sport mukofoti-2023”. Munosiblar e’tirof etildi.

Leave Your Comment