Yana bir necha kunlardan so‘ng poytaxtimiz og‘ir atletika bo‘yicha navbatdagi yirik musobaqaga mezbonlik qiladi. Kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionati oldidan ko‘plab martabali mehmonlar yurtimizga tashrif buyurmoqda.
Jumladan, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, 4 karra Jahon chempioni, ayni damda Qirg‘iziston og‘ir atletikani rivojlantirish markazi direktori sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Qanibek Osmonaliyev O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasida bo‘ldi. Qo‘shni mamlakat vakilini federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov kutib oldi. Samimiy ruhda kechgan suhbat davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasida og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ta’kidlash kerakki, Qirg‘iziston terma jamoasi a’zolari ayni damda Osiyo chempionatiga Chirchiq shahrida tayyorgarlik ko‘rmoqda.