Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

Chempionat yangi yulduzlarni aniqlashga xizmat qiladi

Mahoratli sportchilarni saralashda, aniqlashda o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionatlarining alohida o‘rni bor. Bugungi kunda jahon va qit’a chempionatlarida, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan Ruslan Nuruddinov va Akbar Jo‘rayev singari dunyo tan olgan atletlarimiz aynan mamlakat birinchiliklaridagi ishtiroki orqali katta sportga qadam qo’yishgan.

Shu ma’noda, ayni kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar hamda kattalar o‘rtasida tashkil etilayotgan O‘zbekiston chempionati yangi chempionlar avlodini aniqlab berishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Kecha musobaqa nizomiga muvofiq, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi dastlabki kungi bahslarda o‘g‘il bolalar 55 kilogrammda, xotin-qizlar 45 va 49 kilogrammda medallar uchun kurash olib bordi. Chempionlik va sovrindorlikka da’vogarlar orasida o‘g‘il bolalardan Miraziz Mirsobirov ikki kurash natijasiga ko‘ra, 202 kilogramm toshni buysindirgan holda yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionligiga sazovor bo‘ldi. Shohrux Rahmatillayev (193) va Shonazar Shonazarov (169) kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Ushbu vaznda kattalar o‘rtasidagi kurashlarda esa ikkikurashda 203 kilo natija bilan Sardor To‘xtayev 1-o‘rinni, Og‘abek Nafasov (185) 2-o‘rinni hamda Anvar Shoaxmatov (170) 3-o‘rinni band etdi.

20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi bahslarda 45 kilogrammda Madina Abduroziqova 126 kilogramm ko‘rsatkich bilan oltin medal sohibiga aylandi. Munisa Odilova (125), Dilnoza Bekpo‘latova (110) keyingi o‘rinlardan joy oldi. Ushbu vaznning kattalar orasida kechgan musobaqada Kamzina Rushanova (156), Madina Abduroziqova (126), Munisa Odilovaga (125) sovrinli o‘rinlar nasib etdi.

49 kilogramlilarda esa Malika Xojiyeva, 20 yoshgacha bo‘lganlar orasida ham, kattalar o‘rtasida ham O‘zbekiston chempioni, degan nomga musharraf bo‘lgan bo‘lsa, Feruza Odamboyeva, Sarvara Tilavova, Imona Mo‘minova har ikki yosh toifasida shohsupaga ko‘tarildi.

Mamlakatimizning 300 ga yaqin og‘ir atletikachilari qatnashayotgan chempionat musobaqalari 10-martga qadar davom etadi.

O’zbekiston og’ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati

Oldinga O‘zbekiston chempionati startiga bir hafta qoldi!

Leave Your Comment