Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida og‘ir atletika bo‘yicha barcha yosh toifasidagi sportchilar bilan individual ishlash tizimini yaratish hamda ularni professional darajada tayyorlash uchun Og‘ir atletika markazi tashkil etish vazifasi belgilangan.
Ushbu markaz Sport vazirligi huzurida Chirchiq shahrida tashkil etiladi. U ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi bo‘lib, 7-11-sinf bolalarga saboq beriladi. Ular ilg‘or usullar asosida terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlanadi. Markaz 2025/2026-o‘quv yilidan faoliyat boshlashi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining homiyligida Og‘ir atletika sport klubi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatida hududiy maktablar ochiladi.
Umuman, bu yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida uch yillik dastur ishlab chiqildi. Unda yoshlarning og‘ir atletikaga qiziqishini oshirish, hududlarda sportchilar uchun yetarli sharoitlar yaratish, seleksiya jarayonlarini raqamlashtirish, malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etib, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish kabi vazifalar qamrab olingan.
Og‘ir atletikani ommalashtirish maqsadida 3 bosqichli musobaqalar, Markaziy Osiyo va “Uzbekistan Open” ochiq chempionatlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.