Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

Og‘ir atletikachilarimizning Parij Olimpiadasi uchun qo‘lga kiritgan litsenziyalari soni 3 taga yetdi!

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan iste’dodli sportchimiz Tursunoy Jabborova to‘g‘risida xabar yo‘lladi.

Xabarda keltirilishicha, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining og‘ir atletika musobaqalarida -81 kilogramm vaznda medallar uchun kurashadigan sportchilar ro‘yxatiga milliy terma jamoamiz a’zosi Tursunoy Jabborova ham kiritilgan.

Darhaqiqat, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining tegishli komissiyalari tomonidan olib borilgan xalqaro darajadagi manfaatli hamkorlik aloqalari samarasi natijasida Qashqadaryo viloyati og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari sport jamiyati a’zosi, jahon chempioni Tursunoy Jabborova alohida iqtidorli sportchilar uchun ajratiladigan Olimpiya yo‘llanmasi sohibasiga aylandi.

Eslatib o‘tamiz, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining og‘ir atletika musobaqalari uchun 120 ta o‘rin ajratilgan bo‘lib, ikki yil davomida 200 dan ziyod davlatlarning sportchilari yo‘llanmalarga ega chiqish yo‘lidagi shiddatli musobaqalarda, saralash turnirlarida qatnashdi. Tursunoy Jabborovaning muvaffaqiyati tufayli endi Fransiya poytaxti mezbonligida o‘tadigan o‘yinlarda 3 nafar o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Olimpiada medallari uchun kurash olib boradigan bo‘ldi.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati

Oldinga Markaziy Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi

Leave Your Comment