Toshkent shahridagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston delegatsiyasini Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Senati raisi T.K.Narbayeva, Bosh vazir A.N.Aripov, Prezident Administratsiyasi departament rahbari O.Q.Abduraxmanov, DXX raisi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti A.A.Azizov, OOK vitse-prezidenti O.M.Umarov, A.I.Ikramov boshchiligidagi Sport vazirligi va MOQ rahbariyati ishtirok etdi.
Rasmiylar oʻz nutqlarida Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik siklida sportchi va murabbiylarga davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani, bunga javoban Oʻzbekiston toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasiga oʻz tarixidagi eng katta delegatsiya bilan yoʻl olayotgani, haqida gapirib, davlat va hukumat nomidan Fransiya maydonlarida yurt shaʼnini himoya qiladigan oʻgʻil-qizlarimizga vatanga yorugʻ yuz bilan qaytib kelishlarini tilashdi.