Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

Namanganda yana bir zamonaviy og‘ir atletika zali foydalanishga topshirildi

Yurtimizda og‘ir atletika sport turiga qiziquvchi yoshlar soni kundan kunga ortib bormoqda. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan ana shunday yosh avlod vakillari mashg‘ulot o‘tkazishlari uchun munosib sharoit yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, kuni kecha Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumani Navkent mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yangi og‘ir atletika zali foydalanishga topshirildi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati, tuman hokimligi va sport boshqarmasi mutasaddilari, maktab direktorlari, o‘qituvchilar va mahalla nuroniylari ishtirok etishdi.

Marosimda so‘z olganlar avvalambor yurtimizda sportga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun Muxtaram Prezidentimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, barpo etilgan ushbu zamonaviy sport zalidan kelajakda yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan mashhur sportchilar yetishib chiqishini tiladilar.

Tadbir davomida ushbu inshootni foydalanishga topshirishda ulkan hissa qo‘shgan mutasaddilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, marosimga tashrif buyurgan terma jamoa murabbiyi Jo‘rabek Zoirov ishtirokida yosh polvonlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati

Oldinga Respublika OPSTTM bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi

Leave Your Comment