Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi

Toshkentdagi qit’a chempionati Osiyo og‘ir atletikachilariga Olimpiada reyting ochkolarini taqdim etadi

Joriy yilning 2-10 fevral kunlari poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha qit’a chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.

Yurtimizda tashkil etilayotgan 2024 yilning ilk nufuzli sport musobaqasiga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda? Ushbu qit’a chempionatida qancha mamlakatning necha nafar sportchisi “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolari uchun kurash olib boradi?

O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Azamat Sharipovning bildirishicha, Osiyo og‘ir atletikachilari uchun “Parij-2024” Olimpiadasining so‘nggi reyting musobaqasi hisoblangan mazkur nufuzli musobaqada 34 ta mamlakatning 250 nafardan ziyod sportchilari ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Osiyo chempionati yilning eng muhim xalqaro musobaqasi bo‘lgani sababli mamlakatimizda tashkil etilayotgan musobaqani kuzatib borish uchun O‘zbekistonga Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Xalqaro antidoping agentligining 4 nafar eksperti kelishi kutilmoqda.

Toshkent sport maydonida o‘tadigan musobaqalarni “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi a’zolari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari onlayn kuzatib borishi ham bu yilgi qit’a chempionatining nufuzi nechog‘li balandligidan, jahon sportining yetakchi mutaxassislari nigohi mamlakatimizga qaratilayotganidan dalolat.

Xo‘sh, tarkibida Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarining g‘oliblari Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Rustam Jangaboyev, Doston Yoqubov, Muhammadqodir Toshtemirov kabi mahoratli sportchilarni jamlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi qit’a chempionatiga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

– Toshkentda o‘tadigan bu galgi qit’a chempionati oldingi musobaqalardan o‘z mavqei bilan alohida ajralib turadi. Unda “Parij-2024” Olimpiadasi reyting ochkolari o‘ynalishi terma jamoamiz uchun katta mas’uliyat yuklaydi, albatta. Hozirda tayyorgarlikni belgilangan reja asosida olib bormoqdamiz. Toshkent musobaqalarida qatnashadigan asosiy tarkib bilan qit’a chempionati oldidan so‘nggi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarida qatnashish uchun Ozarbayjon poytaxti Bokuga yo‘l olmoqdamiz. U yerdagi mashg‘ulotlarimiz 4 fevralga qadar davom etadi. Ayollar terma jamoamiz esa chempionatga tayyorgarlikni Chirchiqda davom ettiradi. Chempionatda ishtirok etadigan asosiy tarkibni musobaqa boshlanishi oldidan e’lon qilamiz, — deydi milliy terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev.

Mazkur chempionatning har jihatdan yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash uchun dunyoning bir qator davlatlaridan 40 nafardan ziyod og‘ir atletika hakamlari, mutaxassislari, ekspertlar Toshkent sport maydonlarida xizmat ko‘rsatishi belgilangan.

Yana bir e’tiborli jihat, qit’a chempionatining so‘nggi kunida poytaxtimizda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining navbatdagi kongressi, ijroiya qo‘mita yig‘ilishi, murabbiylar va hakamlar seminarlari tashkil etiladi. Aynan mazkur tadbirlarda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasining keyingi to‘rt yillik faoliyatiga daxldor bo‘lgan muhim qarorlar qabul qilinishi  kutilmoqda.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA

Oldinga Erkaklar terma jamoamiz xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga yo‘l oldi

Leave Your Comment