Xabar berganimizdek, Toshkent yaqin kunlar davomida og‘ir atetika bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qiladi. Ushbu qit’a birinchiligida 34 mamlakatdan jami 239 nafar sportchi ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bugun mazkur musobaqa oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.
“Yunusobod sport majmuasi”da o‘tkazilgan anjumanda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vise-prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Bosh kotibi Muhammad Al Xarbi, sportchilar va OAV vakillari qatnashishdi.
Tadbirda musobaqaning ahamiyati, jamoalarning tayyorgarligi haqida batafsil ma’lumot berildi. Uning Parij-2024 Olimpiya o‘yinlariga qimmatli reyting ochkolarini taqdim etishi chempionatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgan. Shahrullo Sharipovich hozirda bor e’tibor maksimal darajada Olimpiya o‘yinlari lisenziyalarini qo‘lga kiritishga qaratilgani, bu borada davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilayotganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, asosiy bahslar 3 dekabr kuni boshlanadi. Shu kuni musobaqaning tantanali ochilish marosimi ham tashkil etiladi.
O’zbekiston og’ir atletika federatsiyasi matbuot xizmati