Bosh sahifa Tadbirlar Sportchilar Yangiliklar Aloqa
Yangiliklar

Shaxrillo Maxmudov Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoa a’zolari bilan uchrashdi

Shaxrillo Maxmudov Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoa a’zolari bilan uchrashdi

Xabaringiz bor, joriy yilning 7–14-avgust kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.

Mazkur nufuzli qit’a birinchiligida O‘zbekiston o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari to‘liq tarkibda ishtirok etadi. Ayni paytda sportchilarimiz musobaqa oldidan so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini Bo‘stonliq tumani Soyliq qishlog‘ida joylashgan Akbar Jo‘rayev nomidagi sport maktabida olib bormoqda.

Bugun O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazilayotgan sport maktabiga tashrif buyurib, terma jamoa a’zolari va murabbiylar bilan uchrashdi.

Muloqot davomida murabbiylar jamoaning Osiyo chempionatiga tayyorgarlik jarayoni, amalga oshirilayotgan mashg‘ulotlar hamda sportchilarning jismoniy va ruhiy holati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, Osiyo chempionati yilning eng muhim musobaqalaridan biri bo‘lib, unda qit’amizning og‘ir atletika rivojlangan davlatlaridan tashrif buyuradigan 500 nafarga yaqin o‘smir va yosh sportchi medallar uchun bahs olib boradi.

Uchrashuv yakunida Shaxrillo Sharipovich terma jamoa a’zolariga yaqinlashib kelayotgan Osiyo chempionatida yuksak natijalar, yorqin g‘alabalar va omad tilab, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishlariga ishonch bildirdi.

💻Instagram | 🎞YouTube 

📝Telegram |  📝Facebook

Video Barcha yangiliklar