Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
6 Avgust 2026
Ertadan poytaxtimizda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga start beriladi. Mazkur nufuzli musobaqa arafasida bugun “Olimpiya shaharchasi”da Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi (AWF) Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish AWF prezidenti Mohammed Yousef Al-Mana raisligida o‘tkazildi. Unda Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) prezidenti Mohammed Hassan Jalood, AWF bosh kotibi Mohammed Ahmed Al Harbi, Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Osiyo mamlakatlari milliy federatsiyalari rahbarlari va mutasaddilari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etdi.
Yig‘ilishni AWF prezidenti Mohammed Yousef Al-Mana ochib berdi. Shundan so‘ng IWF prezidenti Mohammed Hassan Jalood so‘zga chiqib, O‘zbekistonning yirik xalqaro sport musobaqalarini muvaffaqiyatli tashkil etish borasidagi tajribasini yuksak baholadi hamda ertadan start oladigan Osiyo chempionatining yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
Mezbon tomon nomidan Sport vaziri Adham Ikramov yig‘ilish ishtirokchilarini qutlab, bunday nufuzli tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi qit’ada og‘ir atletika sportini rivojlantirish, mamlakatlar o‘rtasidagi sport hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Kun tartibiga muvofiq, avvalgi AWF Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bayonnomasi tasdiqlandi. Shuningdek, 2027-yilda Koreya Respublikasida o‘tkaziladigan Osiyo chempionati, 2026-yilda Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan XX Osiyo o‘yinlari hamda Saudiya Arabistonida tashkil etilishi rejalashtirilgan Osiyo yopiq inshootlar va jang san’atlari o‘yinlariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinib, federatsiya faoliyatiga oid boshqa dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov tomonidan AWF prezidenti Mohammed Yousef Al-Mana “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, Osiyo qit’asida og‘ir atletikani yanada rivojlantirish hamda xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar








