Musobaqa oldidan murabbiylar uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi
6 Avgust 2026
O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati doirasida jamoalar murabbiylari hamda sport mutaxassislari ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda sportchilarni musobaqaga tayyorlashning zamonaviy ilmiy yondashuvlari, yuklamalarni bosqichma-bosqich kamaytirish, tiklanish jarayonlarini samarali tashkil etish, musobaqaoldi ovqatlanish tartibi hamda ilmiy asoslangan sport qo‘shimchalaridan oqilona foydalanish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, ma’ruzachilar sportchilarning musobaqa kunidagi optimal jismoniy va ruhiy holatini ta’minlash, tiklanish jarayonlarini to‘g‘ri rejalashtirish hamda antidoping qoidalariga qat’iy rioya etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar hamda musobaqaoldi tayyorgarlikni tashkil etish borasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishdilar.
Qayd etish joiz, mazkur seminar Osiyo chempionatida faoliyat olib boradigan jamoalar murabbiylari va sport mutaxassislarining kasbiy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar








