Bosh sahifa Tadbirlar Sportchilar Yangiliklar Aloqa
Yangiliklar

Poytaxtimizda yosh og‘ir atletlar ishtirokidagi Osiyo chempionati rasman ochildi

Poytaxtimizda yosh og‘ir atletlar ishtirokidagi Osiyo chempionati rasman ochildi

“Olimpiya shaharchasi”da o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qit’amizning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan iqtidorli yosh og‘ir atletlar ishtirokidagi nufuzli musobaqaning ochilish marosimida mamlakatimiz va xalqaro sport tashkilotlari vakillari, mutasaddilar hamda faxriy mehmonlar jam bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Mohammed Hassan Jalood, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al-Mana, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi Sherzod Hidoyatov hamda federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov ishtirok etdi.

Ochilish marosimi O‘zbekistonning sport salohiyati, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va og‘ir atletika yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni aks ettiruvchi videorolik bilan boshlandi.

Shundan so‘ng milliy raqs jamoalarining chiqishi namoyish etilib, tadbirga o‘zbekona ruh va bayramona kayfiyat bag‘ishladi. Marosim davomida ishtirokchi davlatlar bayroqlarining tantanali ravishda e’lon qilinishi esa Osiyo sportidagi do‘stlik, hamjihatlik va birdamlik ramziga aylandi.

Tadbirda so‘zga chiqqan mehmonlar O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, ayniqsa, yosh avlodni sportga keng jalb etish borasida olib borilayotgan ishlarni e’tirof etdilar. Mamlakatimizda og‘ir atletikaga qaratilayotgan e’tibor, sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va xalqaro maydondagi natijalar alohida qayd etildi.

Xususan, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Mohammed Hassan Jalood nutqi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan unga faxriy fuqaro unvoni berilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Mazkur e’tirofni O‘zbekistonning sportni rivojlantirish va xalqaro sport hamkorligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlariga berilgan yuksak baho sifatida baholadi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, marosimning rasmiy qismiga yakun yasadi.

Ochilishning badiiy dasturi esa milliy va zamonaviy san’at uyg‘unligidagi chiqishlar bilan davom etdi. Lazer shoulari, bolalar raqslari, milliy raqslar popurisi hamda xalqaro musiqiy kompozitsiyalar tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

O‘zbekistonning milliy qadriyatlari va madaniyatini namoyon etgan sahna ko‘rinishlari xorijlik mehmonlarda ham iliq taassurot qoldirdi.

Shu tariqa, Toshkent navbatdagi yirik xalqaro sport musobaqasiga mezbonlik qilmoqda.

Ma’lumot o’rnida aytib o’tamiz, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 29 mamlakatdan tashrif buyurgan 300 nafardan ortiq yosh sportchi g‘oliblik uchun bahs olib boradi.

Musobaqa 14-avgustga qadar davom etadi.

💻Instagram | 🎞YouTube 

📝Telegram |  📝Facebook

Barcha yangiliklar