Sport — xalqlarni birlashtiruvchi kuch!
9 Avgust 2026
Sport — bu faqat g‘alaba va mag‘lubiyat, raqobat va kurash emas. U turli xalqlar vakillarini bir maydonda jamlab, o‘zaro hurmat, do‘stlik va birdamlik rishtalarini mustahkamlaydigan ulkan kuchdir.
Poytaxtimiz mezbonlik qilayotgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati doirasida ana shunday do‘stlik va hurmatning yorqin namunasiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
“Olimpiya shaharchasi”da qit’aning turli davlatlaridan tashrif buyurgan sportchilar kuch sinashar ekan, musobaqa maydonidan tashqarida ham sportga bo‘lgan hurmat, ehtirom va samimiy munosabatlar namoyon bo‘lmoqda.
Xususan, Qirg‘izistonning afsonaviy sportchisi, Olimpiya chempioni, to‘rt karra jahon chempioni va ikki karra Yevropa chempioni Qanibek Osmanaliyev Osiyo chempionatini bevosita kuzatish uchun yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov sport faxriysini samimiy kutib olib, unga milliy to‘n kiydirdi hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Bu kabi e’tibor va hurmat sportning asl mohiyati — xalqlarni birlashtirish, avlodlarni do‘stlashtirish va ezgu qadriyatlarni targ‘ib etishdan iborat ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Poytaxtimizdagi Osiyo chempionati esa ana shunday yuqori kayfiyat, do‘stlik va murosasiz sport kurashlari ruhida davom etadi!
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar






