Og‘ir atletikada ilm-fan va amaliyot uyg‘unligi: Shaxrillo Maxmudov PhD ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qildi
13 Avgust 2026
O‘zbekistonda og‘ir atletikani rivojlantirish, yuqori malakali sportchilar tayyorgarligi samaradorligini oshirish va mashg‘ulot jarayonini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida takomillashtirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi.
Sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” Shaxrillo Sharipovich Maxmudov pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Mutaxassisning “Yuqori malakali og‘ir atletikachilarning ko‘p yillik tayyorgarligida mashg‘ulot rejasini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash yig‘ilishida himoya qilindi.
Tadqiqotda yuqori malakali og‘ir atletikachilarni ko‘p yillik tayyorlash jarayonini samarali tashkil etish, mashg‘ulot yuklamalarini oqilona rejalashtirish, shuningdek, sportchilarning individual va funksional imkoniyatlaridan kelib chiqib tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Bugungi yuqori natijalar sportchidan nafaqat kuch, mahorat va katta mehnatni, balki ilmiy asoslangan tayyorgarlik tizimini ham talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur tadqiqot og‘ir atletikachilar mashg‘ulotlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, tayyorgarlik jarayoni samaradorligini oshirish va sport natijalarini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shaxrillo Maxmudovning ko‘p yillik murabbiylik va sport sohasidagi boy tajribasining ilmiy izlanishlar bilan uyg‘unlashgani esa tadqiqotning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Mazkur ilmiy yutuq mamlakatimiz og‘ir atletikasida ilm-fan, ilg‘or murabbiylik tajribasi va sport amaliyotining yanada mustahkam uyg‘unlashuvi yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi jamoasi Shaxrillo Sharipovich Maxmudovni pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgani bilan samimiy muborakbod etadi!
Ustozga kelgusi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, mamlakatimiz og‘ir atletikasi rivoji yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarida yangi zafarlar tilaymiz!
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar



