Muhammad Jalud al-Shammari va Muhammad Al-Managa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy doktori” unvoni berildi
13 Avgust 2026
Ayni kunlarda yurtimizda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslarini kuzatib, musobaqada mehmon sifatida ishtirok etayotgan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud al-Shammari hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Al-Mana O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida bo‘ldi.
Tashrif davomida mehmonlar universitetning ta’lim va ilmiy salohiyati, sport sohasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizda og‘ir atletikani yanada rivojlantirish, sportning ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori malakali sportchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda og‘ir atletika bilan shug‘ullanuvchilar safi kengayib, sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qayd etayotgani mamlakatimizda ushbu sport turiga yaratilayotgan sharoit va amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasi sifatida e’tirof etildi.
Tomonlar O‘zbekiston, Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlikni yuqori baholab, mamlakatimizda og‘ir atletikani rivojlantirish, yosh avlod vakillarini sportga keng jalb etish hamda nufuzli xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
Tashrifning eng e’tiborli jihatlaridan biri — Muhammad Jalud al-Shammari va Muhammad Al-Mananing sport sohasidagi xizmatlari munosib e’tirof etilib, ularga O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining “Faxriy doktori” unvoni topshirilgani bo‘ldi.
Mazkur yuksak e’tirof Xalqaro va Osiyo og‘ir atletika federatsiyalari hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona va samarali hamkorlikning yana bir yorqin ifodasidir.
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar


