Bosh sahifa Tadbirlar Sportchilar Yangiliklar Aloqa
Yangiliklar

Osiyo chempionatining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi!

Osiyo chempionatining tantanali yopilish marosimi o‘tkazildi!

“Olimpiya shaharchasi” yana bir yirik sport musobaqasining tantanali yakuniga guvoh bo‘ldi. Sakkiz kun davomida qit’aning eng iqtidorli yosh og‘ir atletikachilari ishtirokidagi murosasiz bellashuvlar, hayajonli g‘alabalar va rekordlar bilan kechgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga tantanali ravishda yakun yasaldi.

Marosimda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisi Sherzod Hidoyatov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Hassan Jalood hamda Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al Mana ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Yusuf Al Mana chempionatning yuqori saviyada tashkil etilganini alohida e’tirof etib, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda tashkilotchilik darajasiga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng, chempionat davomida yuqori natijalarni qayd etgan sportchilar hamda jamoalar qator nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Quvonarlisi, yoshlar terma jamoamiz umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, o‘smir qizlarimiz ham o‘z yo‘nalishida eng yaxshi natijani qayd etib, birinchi pog‘onadan joy oldi. Shuningdek, qolgan jamoaviy yo‘nalishlarda ham vakillarimiz yuqori natijalarni qayd etishdi.

Rasmiy qism yakunlangach, tadbir ishtirokchilariga o‘zbek milliy san’ati va zamonaviy sahna ko‘rinishlarini o‘zida mujassam etgan betakror chiqishlar namoyish etildi. Milliy qadriyatlar va zamonaviylik uyg‘unligi aks etgan musiqiy hamda raqs dasturlari chempionatning tantanali yakuniga o‘zgacha fayz va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Shu tariqa, sakkiz kun davomida “Olimpiya shaharchasi”da qizg‘in bahslarga mezbonlik qilgan Osiyo chempionati yangi rekordlar, yorqin g‘alabalar va unutilmas taassurotlar bilan o‘z yakuniga yetdi.

💻Instagram | 🎞YouTube 

📝Telegram |  📝Facebook

Barcha yangiliklar