Qiziqarli fakt
18 Avgust 2026
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi huzuridagi Sport akademiyasi talabasi, andijonlik yosh sportchi Omadillo Olimov so‘nggi bir yil davomida ishtirok etgan deyarli barcha yirik musobaqalarida sovrindorlar safidan joy olib kelmoqda. E’tiborlisi, u har bir startida avvalgi natijalarini yaxshilab, o‘z sport formasini izchil yuksaltirib bormoqda.
Omadillo Olimov 2025-yilda Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida dast ko‘tarishda 161 kg natija bilan kumush, siltab ko‘tarishda 190 kg natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan. Ikki kurash yakunida 351 kg natija qayd etib, yana bir kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, yosh vakilimiz Eronning Babolsar shahrida tashkil etilgan harbiy sportchilar o‘rtasidagi “1st Weightlifting Challenge” musobaqasida ham munosib ishtirok etib, siltab ko‘tarish bahsida 201 kg natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritgan.
Joriy yilda esa Omadillo Misrning Ismoiliya shahrida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘z natijalarini yanada yaxshiladi. Sportchimiz dast ko‘tarishda 169 kg, siltab ko‘tarishda 219 kg va ikki kurashda 388 kg natija qayd etib, ikki bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari, mazkur Jahon chempionatida Olimov joriy yilgi O‘zbekiston chempionatida qayd etgan natijasini ikki kurash bo‘yicha birdaniga 28 kg ga yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan edi. Yosh sportchimiz bundan avval Peruning Lima shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham sovrindorlar qatoridan joy olgan.
Yosh sportchimizning navbatdagi yirik muvaffaqiyati poytaxtimiz mezbonlik qilgan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida qayd etildi. Omadillo dast ko‘tarishda 170 kg, siltab ko‘tarishda esa 223 kg natija qayd etib, mazkur yo’nalishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ikki kurash yakunida 393 kg natija qayd etgan sportchimiz Osiyo chempionatining mutlaq chempioniga aylandi.
E’tiborlisi, Omadillo Olimovning so‘nggi musobaqalardagi natijalari bosqichma-bosqich o‘sib bormoqda: Ostona — 351 kg, Ismoiliya — 388 kg, Toshkent — 393 kg. Bu raqamlar yosh sportchining har bir startdan so‘ng o‘z natijasini yanada yaxshilab borayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Demak, Omadillo Olimov nafaqat muntazam ravishda sovrindorlar safidan joy olayotgan, balki har bir musobaqada o‘z natijasini yangilashga intilayotgan iqtidorli sportchilarimizdan biridir. Uning bugungi natijalari esa kelgusidagi katta marralar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar



