Yangi o‘quv yili — yangi maqsadlar va yangi g‘alabalar sari!
2 Sentabr 2026
Bugun yurtimiz bo‘ylab yangi o‘quv yili boshlandi. Ta’lim va sportni uyg‘unlashtirgan holda kelajakdagi ulkan marralar sari intilayotgan yoshlar uchun yana bir mas’uliyatli va imkoniyatlarga boy davr boshlandi.
Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Xususan, Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari H. To‘xtayev hamda markaz direktori O. Bag‘irov ishtirok etib, yosh sportchilarni yangi o‘quv yili bilan tabrikladi va ularga ta’lim hamda sportda muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir doirasida yaqinda poytaxtimizda o‘tkazilgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘z vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Hikmatullo Haydarov ham tantanali kutib olindi. Markaz tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yosh sportchimiz musobaqada qit’a chempionligini nishonlash bilan birga, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo rekordini ham yangiladi.
Shuningdek, Hikmatullo Haydarov tadbir ishtirokchilariga samimiy tilaklarini bildirib, yosh sportchilarni yangi marralar sari intilishga chorladi.
Tadbir yakunida nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishib kelayotgan bir guruh sportchi-yoshlar munosib taqdirlandi.
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi yosh sportchilarimizga yangi o‘quv yilida ulkan zafarlar tilaydi!
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Barcha yangiliklar







