O‘zbekiston kubogining ilk kuni rekord bilan boshlandi
9 Sentabr 2026
Kattalar va yoshlar (U-20) o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi bahslari qizg‘in bellashuvlar bilan start oldi. Musobaqaning ilk kunidayoq sportchilar shohsupadan joy olish yo‘lida bor mahoratini namoyish etib, murosasiz va hayajonli bahslarga boy kunni taqdim etdi.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston kubogining ilk kunida musobaqaning rasmiy ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda sport sohasi mutasaddilari, federatsiya vakillari, murabbiylar, hakamlar hamda musobaqa ishtirokchilari jam bo‘ldi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrillo Maxmudov mamlakat kubogi bu yil yangi va zamonaviy sport zalida o‘tkazilayotganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqaning dastlabki kuni nafaqat shiddatli bahslar, balki rekord natija bilan ham yodda qoldi.
-49 kg vazn toifasida ishtirok etgan Qarshi OPSTTM tarbiyalanuvchisi Munisa Odilova siltab ko‘tarish bahsida 92 kg natija qayd etib, yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston rekordini yangiladi.
Iste’dodli sportchi ikki kurash yakuniga ko‘ra 165 kg natija qayd etib, umumiy natijada ham yoshlar o‘rtasidagi O‘zbekiston rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston kubogining ilk kuni murosasiz bellashuvlar, yuqori natijalar va yangi rekord bilan yakunlandi. Oldinda esa sportchilarni yana ko‘plab qiziqarli va hayajonli bahslar kutib turibdi.
💻Instagram | 🎞YouTube
📝Telegram | 📝Facebook
Video Barcha yangiliklar